Bu uy har bir tovushdan titrab tushar edi. Chumchuq nogahon qanoti bilan derazaga tegib ketdimi, o‘sha zahoti parda qattiq shatirlab ketar va yuragi yorilgan qush orqa-oldiga qaramay qochar edi.
Hech kim — hatto chumchuq ham — uyga tegishga botinolmasdi!
Uy minglab katta va kichik rohiblaru yugurdaklari bo‘lgan ibodatxona edi, ular toat-ibodat qilar, jo‘rlikda diniy qo‘shiq aytar edilar. Biroq ma’budlar g‘oyib bo‘lgan, marosim esa mantiqsiz va ma’nosiz bir holda davom etardi.
O’n ikki.
Katta eshik yonida cho‘chib tushgan ko‘ppak irillab qo‘ydi.
Eshik it tovushini darhol bildi va ochildi. Bir vaqtlar sog‘lom, to‘q yashagan, endi esa sharti ketib, parti qolgan, tullak ko‘ppak ortidan iflos izlar qoldirib ichkariga yugurib kirdi. Uning orqasidan bezovta qilishgani, uyni yana supurib-sidirishga majbur qilishganidan zardalari qaynab darg‘azab sichqonlar kuymanglashib qolishdi!
Eshik tagidagi tirqishdan ichkariga bir kichkinagina chang zarrasi kirdi demaguncha devor panellari asta ko‘tarilardi-da, ko‘z ochib yumguncha u yerdan ma’dan farroshlar sakrab-sakrab yetib kelar edilar. Mittigina po‘lat jag‘lar tutib olgan jur’atkor qog‘oz parchasi, chang zarrasi yoki bir tola tuk devorlarda ko‘zdan yo‘qolardi. U yerdan quvurlar orqali axlat tagxonaga, axlat kuydirish mashinasining guvillagan qorniga borib tushardi. Axlat kuydirish mashinasi bamisoli dahshatli darrandaday qorong‘i burchakda cho‘nqayib turardi.
Ko‘ppak yuqoriga qarab chopib borar ekan, bu yerda o‘lik sukunatdan boshqa hech zog‘ yo‘qligini anglamagan holda — uy esa buni allaqachon anglab yetgandi — har bir eshik ro‘parasida o‘chakishib akillardi.
U hidlandi-da, oshxona eshigini tirnadi, so‘ng hidlashini to‘xtatmay eshik yonida yotib oldi.
Eshikning narigi tomonidagi pechkada chalpak pishmoqda edi, undan butun uyga yoqimli, qarag‘ay qiyomining ishtahani qitiqlaydigan va to‘yimli hidi anqimoqda edi.
Ko‘ppakning og‘zi ko‘pikka to‘ldi, ko‘zlari o‘t bo‘lib chaqnadi. U sapchib oyoqqa turdi, dumini tishlab gir aylandi, jon talvasasida tipirchiladi-da, tarrakday qotdi-qoldi. Shu alpozda u mehmonxona bo‘lmasida bir soatcha yotdi.
Soat ikki, — kuyladi ovoz…
Nihoyat kuygan narsaning bilinar-bilinmas hidini olib, uyalardan xuddi elektr yelpig‘ichi uchirgan qovjiroq yaproqlardek sichqonlar galasi yengil va shiddat ila vizillab otilib chiqdi.
Ikkiyu o‘n besh daqiqa.
Ko‘ppak g‘oyib bo‘ldi.
Tagxonadagi axlat pechkasi bexos alanga yallig‘idan yorishib ketdi va mo‘ridan yuqoriga qarab uchqunlar shiddat bilan ko‘tarildi.
Ikkiyu o‘ttiz besh daqiqa.
Ichki sahn devorlaridan qartavozlar stollari sakrab chiqdi. Ko‘zoynaklari yilt-yilt qilib, qartalar joy-joyiga uchib ketdi. Dub peshtaxtada kokteyllar va tuxumli sendvichlar paydo bo‘ldi. Musiqa yangradi.
Biroq stollar sukut saqlardi va hech kim qartalarga qo‘l urmadi.
Roppa-rosa to‘rtda xuddi ulkan kapalaklardek stollar taxlandi-da, yana devorlar ichiga kirib ketdi.
Soat to‘rt yarim.
Bolalar xonasining devorlari yorishib ketdi.
Ularda hayvonlar paydo bo‘ldi: sariq jirafalar, zangori arslonlar, qizil g‘azollar, gulobiy qoplonlar — barchalari billur to‘shami uzra sakrar edilar. Devorlar shishadan bo‘lib, tasavvurdagi bo‘yoq va o‘yinlarni o‘zida yaxshi aks ettirardi. Pinhoniy kinotasmalar tishlar bo‘ylab g‘altakdan g‘altakka suzib o‘ta boshladi va devorlar jonlandi. Xona poli shamoldan to‘lqinlanayotgan ekin dalasi misol chayqalardi, undan alyumin suvaraklar va temir chirildoqlar yugura boshladi, jazirama tinch havoda, hayvon izlarining hidi ichida g‘oyatda nafis qizil matodan yasalgan kapalaklar uchar edi! Temirchi bosqonining sim-siyoh qa’rida g‘ivirlayotgan asalarilar galasi ovoziga o‘xshash g‘o‘ng‘illash eshitildi.
Ortidan o‘lja yeb to‘ygan arslonning erinchoqlik bilan irillashi keldi. Okapi1 tuyoqlarining tovushi va siyrak maysalarning nozik poyalariga kelib tushayotgan muzdek yomg‘ir shatiri quloqqa chalindi. Ana, devorlar eriy boshladi, quyoshning olov seliga ko‘milgan o‘tloqzorlar va tubsiz jazirama osmonning bepoyon kengliklariga singib ketdi. Hayvonlar tikonli to‘qaylar va suvloqlar bo‘ylab yoyildi.
Bolalar uchun eshittirish vaqti bo‘ldi.
Soat besh. hammom shaffof qaynoq suvga to‘ldi.
Soat olti, yetti, sakkiz bo‘ldi. Tushlik solingan idishlar g‘aroyib qiliqlar ko‘rsatdi, so‘ng xonada nimadir shirq etdi va jonga huzur beruvchi olov yonib turgan kamin oldidagi temir shtativda nogahon yumshoq kulrang kuldan qalpoq kiygan kashanda sigara paydo bo‘ldi.
Soat o‘n. Ko‘zga ko‘rinmas simlar choyshabni isitdi — bu yer tunlari sovuq bo‘lardi.
Soat to‘qqizdan besh daqqiqa o‘tdi. Xona shiftidan ovoz keldi:
— Missis Maklellan, bugun qaysi she’rni eshitgingiz kelayapti?
Uy sukutda.
Oxiri ovoz dedi:
— Hech bir xohish izhor qilmaganingiz uchun men o‘zim tavakkal qilaman.
Jo‘rlikda chalingan ohista musiqa yangraydi.
— Sara Tisdeyl. Agar yanglishmasam, siz sevgan she’r.
Yoqimli yomg‘ir yog‘ib, anqiydi tuproq hidi,
Tongdan tonggacha chaqqon chittak tinmay sayraydi.
Anhorlarda baqalar qurillaydi har kecha,
Sa’valar xonish qilar dam ham olmasdan picha.
Oq ko‘pikli bog‘larda olcha gullari lov-lov,
Devorlardan ko‘chaga go‘yo otilar olov.
Urushni ammo hech kim, hech kim eslamas bu on,
Yotgan ilonni qo‘zg‘ash keltirar faqat ziyon.
Yer yuzida odamzot nasli qurur bo‘lsa gar
Na qushcha, na majnuntol qatra ko‘z yoshi to‘kar.
Bahor… ha, Bahor fasli yangi tongni kutadi,
Bilmaydiki, bizlar yo‘q, umri zoe o‘tadi.
Kaminda so‘nib borayotgan olov lip-lip qilardi, sigara unsiz kulga aylanib to‘kilib tushardi. Gung devorlar oralig‘ida bir-biriga qarama-qarshi ikki oromkursi turibdi, musiqa hamon yangrardi.
Soat o‘nda talvasa boshlanadi.
Shamol esdi. Daraxtdan sinib tushgan quruq butoq oshxona derazasiga taqalib qoldi. Dog’ ketkazgich eritmali shisha plitaga urilib chil-chil bo‘ldi. Bir lahzada butun oshxona olov ichida qoldi!
— Yong‘in! — qichqiriq eshitildi. Chiroqlar lip-lip qilardi, nasoslardan, tarang tortilgan shiftlardan suvlar tizillab otildi. Biroq suyuq yonilg‘i linolium bo‘ylab yoyilib ketdi, u singdi-da, eshik tagiga sho‘ng‘idi va ortidan talay odamlar jo‘rlikda kuylab yubordi:
— Yong‘in! Yong‘in! Yong‘in!
Uy bardosh berishga urinardi. Eshiklar zich yopilib qoldi, biroq deraza oynalari issiqqa chidolmay otilib ketdi va shamol olovni gurillatib yubordi.
Olov tazyiqi ostida o‘n milliardlab darg‘azab uchqun surbetlarcha yovuzlik ila xonadan-xonaga uchib kirar va zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilardi, uy chekina boshladi.
Hamon devorlardan yo‘rg‘alagancha sarosimali suv kalamushlari chiqib kelmoqda edi va yana suv olib kelgani izlariga qaytar edilar. Devor changlatgichlar ham mexanik yomg‘ir sinchlarini havoga ko‘tarishdi. Ammo kech edi. Allaqaerda og‘ir uh tortib, yelkalarini kergan ko‘yi nasos qotib qoldi. Olov bilan olishayotgan yomg‘ir tindi. Necha kunlardan beri hammomlar va idish yuvish xonalarni ta’minlab kelgan zaxira qozondagi suv tugab bo‘lgandi.
Zinalarni birin-ketin yamlagancha olov chars-churs qilardi. Yuqoridagi xonalarda u mechkay odamga o‘xshab Pikasso va Matissning suvratlarini mazza qilib tushirar, moyli qobig‘ini yalar va xolstlarni avaylabgina qora naycha qilib o‘rar edi.
Olov karavotlargacha yetib bordi, hali zamon deraza rahlariga sakrab chiqadi-da, darpardalarga qaytadan gul beradi!
Biroq shu zahoti ko‘mak yetib keladi.
Chordoq tuynuklaridan ko‘zga ko‘rinmas robotlar pastga tikilib turar va forsunka og‘izlaridan yashil dorilar ufurardi.
Читать дальше