Jon Blekning qo‘llari adyol ostida titrab ketdi. Uning eti junjikdi. To‘satdan bu haqiqatga aylandi-yu, uning vujudini dahshatli qo‘rquv qamradi.
U turib o‘tirdi-da, quloq sola boshladi. Atrofda tiq etgan tovush yo‘q. musiqa tingan. Shamol tindi.
Yonida akasi dong qotib uxlab yotibdi.
U ohista adyolni ustidan oldi. Sirg‘alib pastga tushdi va tovush chiqarmaygina eshik tomon yurdi.
Shu payt akasining ovozi qulog‘iga chalindi:
— Qayoqqa?
— Nima?
Akasining ovozi badanni teshib o‘tgudek bo‘ldi.
— Biron uzoqroq yoqqa bormoqchimisan?
— Suvga.
— Suvsaganing yo‘q.
— Suvsadim, nega suvsamas ekanman.
— Yo‘q, suvsaganing yo‘q.
Katta Jon Blek shiddat bilan yugurib ketdi. U qichqirdi. U ikki marta qichqirdi.
U eshikkacha yetolmadi.
Kallai saharda orkestr mungli motam kuyini chalar edi. Ko‘chadagi har bir uydan mo‘‘jazgina tobutchalarni ko‘tarib, odamlar chiqar edilar; chiqib tosh yo‘l ustida o‘tirardilar-da, ko‘z yoshlarini artar edilar. Xotinlar, onalar, opa-singillar, aka-ukalar, amaki-tog‘alar, otalar. Ular yangi qabr kavlab qo‘yilgan va yangigina qabr toshlari kutib turgan qabristonga yo‘l oladilar. O’n oltita qabr, o‘n oltita qabr tosh.
Mer qisqagina motam nutqi so‘zladi. Uning yuzi o‘zgarib ketganidan bu mermi yo boshqa bir odammi, bilib bo‘lmas edi.
Jon Blekning otasi va onasi qabristonga keldi, akasi Edvard ham keldi. Ular yig‘lar, oh-voh qilar edilar, chehralari esa avvalgi tanish alomatlarini yo‘qotib, asta-sekin o‘zgarib borar edi.
Lyustigning bobosi va buvisi ham o‘sha yerda edi va ho‘ngrab yig‘lashar edi, ularning ham yuzlari mumday erib, cho‘zilib borar, xuddi jazirama kunga bardosh bermayotgandek tuyulmoqda edi.
Tobutlarni qabrga tushirishdi. Kimdir “Bir tunning o‘zida o‘n oltita odamni ajal to‘satdan va bevaqt olib ketgani” xususida o‘zicha g‘udranardi.
Kesaklar qabr qopqog‘i ustiga do‘pirlab tusha boshladi.
Orkestr “Okean durdonasi Kolumbiya” kuyini chalgancha gulduragan mis karnaylar ohangiga monand ravishda shahar tomon yo‘l oldi. Shu kuni hamma dam oldi.
Iyun 2001
OY AVVALGIDEK KUMUSH NURLARINI SOCHADI
Ular raketada tun qo‘ynida chiqib kelishganida havo shunchalar sovuq ediki, Spender darhol gulxan uchun Mars shox-shabbalarini terishga tutindi. Marsga uchib kelganlarini nishonlash borasida u churq etib og‘iz ochmadi, shox-shabbalarni terib keldi-da, olov yoqib yubordi va uning qanday yonishini tomosha qildi.
Keyin qurib qolgan Mars dengizi uzra qontalash tong havosiga yelkasi osha ularni — kapitan Uaylder, Cherok, Xeteuey, Sem Parkxill va uning o‘zini unsiz qop-qorong‘i yulduzli kengliklar orqali olib o‘tgan va hayotsiz beg‘am olamga olib kelib qo‘ygan raketaga qarab qo‘ydi.
Jeff Spender qiy-chuv boshlanishini kutib turardi. U do‘stlariga qarar ekan, hozir ularning sakrashlarini, qichqirishlarini kutardi… Faqat Marsda ular “birinchi” odamlar ekani haqidagi hayajonli fikrdan o‘zlariga kelib olishini kutish kerak. Hech kim bu haqda ovoz chiqarib bir narsa demasdi, lekin yuraklarida ko‘plab, aftidan, ularning o‘tmishdoshlari marragacha yetib kela olmaganiga va birinchilik bayrog‘i bularga, “To‘rtinchi” ekspeditsiyaga nasib etishiga umid qilar edilar. Yo‘q, ular hech kimga yomonlik tilamasdilar, shunchaki ular birinchi bo‘lishni xohlar edilar va o‘pkalari og‘ir havoga ko‘nikkuncha shon-shuhrat haqida orzu qilar edilar. Darhaqiqat, ozgina keskinroq harakat qilinsa, xuddi Mars odamidek boshlari aylanib ketar edi.
Gibbs gurillab yonayotgan gulxan oldiga keldi-da, so‘radi:
— Shox-shabba nega kerak, axir raketada kimyoviy yonilg‘i bor-ku?
— Hechqisi yo‘q, — javob berdi Spender boshini ko‘tarmay.
Birinchi tundayoq Marsda shovqin-suron ko‘tarish va raketa ichida bu yerga to‘g‘ri kelmaydigan qo‘pol buyumni — ko‘z olgudek charaqlovchi pechkani ko‘tarib tushish aqlga to‘g‘ri kelmaydigan, to‘g‘risi, noma’qul gap edi. Bu mahalliy sharoitga haqorat ham bo‘ladi-ku. Hali quyultirilgan sutli bankalarni mag‘rur Mars kanallariga uloqtirishga ulgurishadi, o‘shanday vaqt albatta keladi, Mars dengizlarining oppoq yaydoq tubida “Nyu-York Tayms”ning shaldiragan sahifalari erinibgina sirg‘aladigan, dumalaydigan paytlar, albatta, keladi, qadimgi Mars shaharlarining nafis shaklli xarobalari orasida banan po‘stloqlari va yog‘ yuqi qog‘ozlar to‘lib-toshgan payt ham uzoq emas.
Hammasi oldinda kutib turibdi, hammasi bo‘ladi. Bu fikrdan u hatto seskanib ketdi.
Spender go‘yo o‘lik pahlavonga qurbonliq keltirayotgandek olov og‘ziga paydar-pay shoxlar tashlar edi. Ular kelib qo‘ngan sayyora ulkan qabriston ekan. Bu yerda butun bir tamaddun halokatga uchragan. Oddiygina izzat-ikrom u yerda loaqal birinchi kunda o‘zini odobli tutishni talab etar edi.
— Yo‘q, bunaqasi ketmaydi! Kelib qo‘nganimizni nishonlamasak bo‘lmaydi! — Gibbs kapitan Uaylderga yuzlandi. — Xo‘jayin, bir nechta jin bankasi va go‘sht konservasini ochib, ozgina tamaddi qilib olsak yomon bo‘lmasdi.
Kapitan Uaylder ulardan bir milcha narida yastanib yotgan o‘lik shaharga qaradi.
— Hammamiz charchaganmiz, — dedi u parishonxotir, go‘yo shaharning o‘tmishi qa’riga cho‘mib, o‘z odamlari haqida butunlay unutib yuborgandek. — Yaxshisi, ertaga kechqurun nishonlaymiz.
Buguncha mana bu la’nati kenglikdan bu yergacha yetib kelganimiz va hammamizning to‘rt muchalimiz sog‘ligi, raketa badanida esa meteoritdan bitta ham teshik tushmaganligi o‘zi yetarli.
Fazogirlar gulxan atrofida depsinar edilar. Ular o‘n ikkita edilar, kim o‘rtog‘ining yelkasiga qo‘lini qo‘yib turar, kim kamarini to‘g‘rilar edi. Spender ularni jim kuzatib turardi. Ular norozi edilar, ular buyuk ishga hayotlarini garov qo‘ygan edilar. Endi ular bo‘kib ichishni, vadavang qo‘shiq aytishni, o‘zlarining qanchalik abjir yigitlar ekanini — kosmosni teshib o‘tib, raketani Marsga haydab kelganlarini bildirib qo‘yish uchun dunyoni boshlariga ko‘tarib shovqin solishni istar edilar. Marsga-ya!
Lekin hozircha hamma sukut saqlardi.
Kapitan past ovozda buyruq berdi. Fazogirlardan biri yugurib borib, raketadan konservalar olib keldi va ularni ochib, ortiqcha shovqin-suronsiz tarqatishdi. Asta-sekin odamlar gapga kirisha boshladi. Kapitan o‘tirdi va parvoz haqida qisqacha tushuntirish berdi. Ular hamma narsani bilar edilar, ammo hammasi orqada qolganini, ish muvaffaqiyatli nihoyasiga yetganini eshitish va idrok etish yoqimli edi. Qaytib ketish yo‘li haqida hech kim gapirishni istamasdi. Kimdir bu haqda og‘iz ochmoqchi ham bo‘ldi, ammo o‘sha zahoti uning unini o‘chirishdi. Oydinda qoshiqlar yalt-yult qilardi; taom g‘oyat mazali tuyulardi, musallas esa undan ham mazaliroq edi. Osmonda alanga yilt etdi va zum o‘tmay ularning qo‘nalg‘asidan sal nariga yordamchi raketa kelib qo‘ndi. Spender kichikkina lyuk ochilganini va undan Xeteuey, vrach va geolog tushganini ko‘rdi; — raketadagi joyni tejash maqsadida ekspeditsiyaning har bir ishtirokchisi ikkitadan mutaxassislikka ega edi. Xeteuey shoshmasdangina kapitanning oldiga keldi.
— Xo‘sh, u yerda nima gaplar? — so‘radi kapitan Uaylder.
Xeteuey yulduzlar yog‘dusida miltillayotgan uzoqdagi shaharlarga qaradi. So‘ng tomog‘iga kelib tiqilgan narsani yutdi-da, Uaylderga nigohini oldi:
— Hov anovi shahar o‘lik, kapitan, necha ming yillardan beri o‘lik. Tog‘lardagi uchta shahar kabi.
Lekin bu yerdan ikki yuz mil naridagi beshinchi shahar…
— Xo‘sh?
— O’tgan haftada u yerda odamlar yashar edilar.
Spender o‘rnidan turdi.
— Marsliklar, — qo‘shib qo‘ydi Xeteuey.
— Hozir ular qaerda?
Читать дальше