— Odamga ikkinchi urinish har doim ham nasib etavermaydi, — dedi onasi.
— Ertaga ertalab uyg‘onaman, — dedi kapitan, — va mening o‘z raketamda, koinotda ekanligimdan nom-nishon ham qolmaydi.
— Bunaqa gaplar kimga kerak! — dedi onasi muloyimlik bilan. — O’zingni urintirma. Xudo o‘zi mehribon. Xudo o‘zi yarlaqaydi.
— Uzr, oyijon.
Qo‘shiq tugab, plastinka vishillagancha bir chiziqda aylanar edi.
— Charchading, bolam. — Otasi trubka uchi bilan ishora qildi. — Kirib yotishing mumkin.
Odatdagidek, eski jez zo‘ldirli karavoting senga muntazir.
— Lekin men odamlarimni to‘plashim kerak.
— Nega?
— Nega? Hm… bilmadim, darvoqe, nega to‘plar ekanman-a? Hech narsaga, albatta. Ular ovqatlanayotgan yoki uxlayotgan bo‘lsalar kerak. Mayli, uyquga to‘yib olsinlar, dam olish ularga zarar qilmaydi.
— Yaxshi yotib tur, o‘g‘lim. — Onasi uning yuzidan o‘pib qo‘ydi. — Qanday yaxshi. Sen yana uydasan.
— Ha, uyda bo‘lganingga nima yetsin.
Sigara tutuniga to‘lgan uyni, ruhlarni, kitoblarni, mayin nurni tark etib, u zinapoyadan yuqori ko‘tarildi va Edvard bilan to‘xtovsiz gaplashar edi. Edvard eshikni itardi va Jon Blek o‘zining sariq jez karavotini, kollejning tanish bayroqchalarini va rosa unniqqan olakuzan po‘stinsini ko‘rdi, po‘stinni u alohida mehr bilan silab qo‘ydi.
— Hammasini birdaniga ko‘tara olarmikinman? — dedi kapitan. — Charchoqdan jonim chiqqudek bo‘lib turibdi. Bir kunda shuncha voqea! Xuddi jala ostida soyabonsiz va yomg‘irpo‘shsiz ikki kecha-kunduz turgandek sillam qurigan. Taassurotlarim suyak-suyagimgacha singib ketgan…
Edvard qo‘llarini har tomonga keng yoygancha katta va oppoq choyshabni to‘shadi va urib shishirdi. So‘ng derazani ochdi. Xonaga yosumanning tungi xushbo‘y hidi oqib kirdi. Oy pirpirab turardi, uzoq-uzoqlardan raqs musiqalari va bosiq ovozlar quloqqa chalinardi.
— Mana, ko‘rdingmi, Mars qanaqa! — dedi kapitan yechinar ekan.
— Ha, shunaqa. — Edvard sekin yechindi, qo‘ylagini boshidan shoshmaygina tortib oldi, oftobda qizargan keng yelkalari, mushakdor bo‘yni ko‘rindi. Chiroq o‘chirildi. Ana, ular 30 yilmi, 40 yilmi oldingidek yana karavotda yonma-yon yotishibdi. Kapitan yosuman hidi tutgan havoni huzur qilib ichiga tortgancha, tirsagiga suyanib turib o‘tirdi. Daraxtlar orasidagi maysazorda kimdir patefon qo‘ydi. Undan “Har doim” degan kuy yangray boshladi.
Blek Merlinni esladi.
— Merlin ham shu yerdami?
Akasi derazadan tushib turgan to‘rtburchak oy nurida chalqancha tushib yotar edi. U hadeganda javob bermadi.
— Ha, — bir oz taraddudlanib qo‘shib qo‘ydi. — Hozir shaharda emas, u ertaga ertalab bo‘ladi.
Kapitan ko‘zlarini yumdi.
— Men Merlinni juda ham ko‘rgim kelayapti.
Jimjit xonada ularning nafaslarigina eshitilib turardi.
— Yaxshi yotib tur, Ed.
Jimlik.
— Yaxshi yotib tur, Jon.
Kapitan fikrlariga erk berib huzur qilib yastandi. Shundagina bugungi zo‘riqish uning vujudidan sitilib chiqib ketdi va u nihoyat odamlardek mushohada qilish imkoniga ega bo‘ldi. Qayoqqa qaramasin, asabiylashgan odamlar. Quloqni qomatga keltirgan orkestr ovozi. Qarindosh-urug‘larning tanish basharalari… Ammo endi…
“Qanday qilib? — ajablanardi u. — Bularning bari qanday qilib bo‘ldi ekan? Nima uchun? Kim uchun? Bu nima? — ilohiy ro‘yoning so‘z bilan ifodalab bo‘lmas farog‘atimi? Nahotki xudo rostdan ham o‘z bandalari deb shunchalar kuyib-pishsa? Qanday qilib, nima uchun, kim uchun?”
Xinkston va Lyustig kunduzi, dastlabki taassurotlar ta’siri ostida unga taklif qilgan nazariyalarni tarozuga solib ko‘rdi. So‘ng erinchoqlik bilan turli yangi taxminlarni o‘zining teran farosati qa’riga toshchalar kabi bir-bir tashlagancha, obdon fikr elagidan o‘tkazdi, shunda uning shuurida allaqanday yorqin tushunchalar miltillab ko‘zga chalina boshladi. Oyisi. Otasi. Edvard. Mars. Yer. Mars. Marsliklar.
Qiziq, ming yil oldin Marsda kim yashagan ekan? Marsliklarmi yoki har doim bugungidek bo‘lganmi?
Marsliklar. U past ovozda o‘zicha shu so‘zni bir necha bor takrorladi.
To‘satdan u qah-qah urib kulib yuborayozdi. Kutilmaganda miyasiga o‘taketgan bema’ni fikr kelib qoldi. Badanidan sovuq ter chiqib ketdi. He-yo‘q, bu bo‘lmag‘ur narsa, albatta. Hech ham bo‘lishi mumkin emas. Puch gap. Miyangdan chiqarib tashla bu gaplarni, g‘irt kulgili.
Baribir ham… Agar taxmin qilsang! Ha, Marsda faqat marsliklar yashashini taxmin qilsagina.
Ularning kemamiz yaqinlashib kelayotganini, uning ichida bizning o‘tirganimizni ko‘rishganini tasavvur qilsa… Yana deylik — shunchaki qiziq uchun — chaqirilgan mehmonlarni bosqinchilar sifatida yo‘q qilib yuborishga ahd qilishganini, buni ham juda ustamonlik bilan, chaqqonlik bilan, bizning xushyorligimizni bir pulga chiqarib, uddalashlarini tasavvur qilsa. Ko‘rdingizmi, atom quroli bilan qurollangan yerliklarga qarshi marsliklar qanaqa vositalarni ishga solishmaydi.
Buning javobi savolidan ham qiziq edi. Telepatiya, gipnoz, esdaliklar, tasavvurlar.
Faraz qilaylik, bu uylar hech ham haqiqiy emas, karavot ham haqiqiy emas, bular barchasi mening o‘z tasavvurlarim mahsullari, Mars telepatiyasi va gipnozi yordamida moddiylashtirilgan tasavvurlar, — xayol surishda davom etdi kapitan Jon Blek, — aslida uyda hamma narsa boshqacha, marsliklar didiga qarab tuzilgan, biroq mening orzularim va xohishlarimga qarab ish tutgan marsliklar shunday nayrang ishlatishganki, go‘yo men o‘z jonajon shahrimni, o‘z uyimni ko‘rib turgandekman. Agar odamning ko‘ngliga shubha urug‘ini sepib, uni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lsang, uning o‘z otasi va onasidan ham yaxshiroq ilmoqni topib bo‘lar ekanmi?
Hali mening ekipajimdan birontasi ham dunyoga kelmagan 1926 yildagi eski ko‘hna bir shaharcha!
Men 6 yoshda ekanligimda, darhaqiqat Garri Loder qo‘shiqlari yozilgan plastinkalar urf bo‘lgan edi, uylarda Maksfil Parrish suratlari osilib turardi, munchoqli pardalar bo‘lardi, “Ajoyib Ogayo” qo‘shig‘i aytilardi va XX asr boshlari me’morchilik binolari qad ko‘tarib turardi. Bordi-yu, marsliklar shahar haqidagi barcha tasavvurlarni mening shuurimdan sug‘urib olgan bo‘lsalar-chi? Axir aytadilar-ku, bolalik tasavvurlar hech qachon eskirmaydi, deb. Mening tasavvurlarim bilan shahar qurib, ular bu shaharni raketa ekipajining barcha a’zolari xotirasida yashovchi qarindosh-urug‘lari va yaqinlari bilan to‘ldirib qo‘yishgan!
Faraz qilaylik, qo‘shni xonada uxlab yotgan ikki odam hech ham mening otam va onam emaslar, marsliklar esa shunchalik zehndor bo‘lishadiki, meni gipnoz ortida har doim tutib turishga ularning tob-toqatlari chidamaydi, axir…
Mana bu duxovoy orkestr-chi! Qanday g‘aroyib, hayratomuz reja! Avval Lyustigning, orqasidan Xinkstonning boshini qotirib, keyin xaloyiqni haydab kelish; fazogirlar o‘n, yigirma yil avval o‘lgan otalarini, onalarini, xolalarini, qayliqlarini ko‘rganlarida ularning dunyodagi hamma narsani unutib yuborishlari, buyruqni unutib yuborishlari, kemadan otilib chiqib, uni tashlab ketishlari ajablanarli emasmi? Bu yerda nima tabiiyroq bo‘lishi mumkin? Bu yerda qanday shubhalar bo‘lishi mumkin?
Barchasi juda oddiy: kimki kavlashtira boshlasa, qarshisida tirilgan onasini ko‘rib, savollar bera boshlasa, — axir baxtdan lol, karaxt bo‘lib qolishi hech gap emas-da. Mana sizga natijasi: hammamiz turli uylarga tarqab ketdik, karavotlarda yotibmiz, qurollarimiz yo‘q, hech narsa bilan o‘zimizni himoya qilolmaymiz, raketa ham oydinda tashlandiq holda turibdi. Agar bizlarni bir-birimizdan ajratib bitta qo‘ymay qirib tashlashni o‘ylagan bo‘lsalar, marsliklarning bu riyokorona rejalarini tasavvurga keltirishning o‘ziyoq odamni har narsa qilib qo‘ymasmikan? Balki qoq yarim tunda men bilan yonma-yon yotgan mana bu akam birdan o‘zgarib qolsa, qiyofasi butun borlig‘i boshqacha shaklga kirsa va adovatli, qo‘rqinchli yovvoyi bir maxluqqa aylanib qolsa, bu uning marslik bo‘lib qolganini bildiradimi, axir bundan battarroq narsa bo‘lishi mumkinmi? Yotgan joyida men tomon burilib, qoq yuragimga pichoq sanchish uning uchun gap bo‘libdimi? Qolgan boshqa barcha uylardagi o‘n-o‘n beshta aka-uka va otalar ham ana shunday o‘zgarib, qo‘llariga pichoq olib hech narsadan tap tortmay uxlab yotgan yerliklarni ana shunday so‘yib tashlashsa…
Читать дальше