— Oying seni sohilda kutib turibdi!
— Meni kechiring, — javob berdi ohista tovush. — Ammo nima ham qila olardim? Bu yerda men baxtliman, xuddi sizlardek meni sevishadi. Men o‘z holimcha menman, berganlarini olaman. Endi kech: ular meni asir olishdi.
— Ammo Enn haqida o‘ylasang-chi, bu unga qanday zarba bo‘lishini bilasanmi?..
— Bu uydagi fikrlar haddan tashqari kuchli, men xuddi qamoqda yotgandekman. Men o‘zim o‘zimcha o‘zgarolmayman.
— Ammo sen Tomsan-ku, hozir qiz bola bo‘lsang ham oldin Tom eding-ku, to‘g‘rimi?! Yoki sen cholni masxara qilayotibsanmi? — balki haqiqatan ham sen Laviniya Spoldingdirsan?
— Men unisi ham, bunisi ham emasman, men faqat menman. Ammo qaerga bormay, men yana qandaydir boshqacha hamman va hozir siz mana shu boshqachani o‘zgartirishga qodir emassiz.
— Sening shaharda qolishing xatarli. O’zimizning kanalda yaxshi, u yerda seni hech kim xafa qilmaydi, — yolvorardi chol.
— To‘g‘ri… — ovoz ikkilanib javob berdi. — Ammo men bu yerdagi odamlar bilan hisoblashishga majburman. Ertalab mening g‘oyib bo‘lganimni ko‘rishsa ularning holi nima kechishini bilasizmi?
Tag‘in hamishalikka-ya. To‘g‘ri, oyim mening kimligimni biladilar, — sizga o‘xshab aqllari yetadi.
Menga ular hamma narsani bilib olganga o‘xshab ko‘rinadilar, faqat so‘rashni istashmayapti. Arvohga savol bermaydilar. Agar bor narsaga ega bo‘lish qiyin ekan, bunda orzuning nima yomon joyi bor?
Men ular yo‘qotgan men bo‘lmay qo‘ya qolay, ular uchun men hatto ularning orzulari yaratgan eng go‘zal orzudan ham yaxshiroqdir. Oldimda ikki yo‘l turibdi: yo ularning dilini og‘ritishim kerak, yoki sizning xotiningizning dilini og‘ritishim kerak.
— Ularning oilasi katta, besh nafar. Ular bu yo‘qotishga bardosh bera oladilar!
— Iltimos, — ovoz titradi, — men charchadim.
Cholning ovozi qat’iylashdi.
— Sen biz bilan ketishing kerak. Men Enniga ortiq azob berishni istamayman. Sen bizning o‘g‘limizsan. Sen mening o‘g‘limsan, sen menikisan.
— Keragi yo‘q, iltimos! — balkondagi soya titrar edi.
— Seni bu uy va uning egalari bilan hech narsa bog‘lab turgani yo‘q.
— E-ha, siz meni nima qilayapsiz?
— Tom, Tom, o‘g‘lim, quloq sol. Tezroq uyga qaytib kel, ha, mana bu chirmovuqdan osilib tush.
Ketdik, Enn kutayapti, sening o‘z uying bo‘ladi, nima xohlasang hammasi muhayyo bo‘ladi.
Lafarj mo‘‘jiza ro‘y berishini jon-dili bilan istagancha va intiq bo‘lgancha ko‘zlarini balkondan olmasdi…
Soyalar chayqalar, chirmovuqlar shitirlar edi.
Nihoyat past ovoz quloqqa chalindi:
— Yaxshi, ota.
— Tom!
Oy nurida chirmovuqlardan chaqqon o‘g‘il bola qiyofasi sirg‘alib tushdi. Lafarj quchoqlamoqchi bo‘lib qo‘llarini ko‘tardi.
Tepadagi derazalarda charaqlab chiroq yondi.
Naqshinkor panjara ortidan kimningdir ovozi chalindi.
— Kim u?
— Bo‘la qol, bolakay!
Yana chiroq yondi, yana tovushlar eshitildi.
— To‘xta, otaman! Vinni, sog‘misan?
Shoshib ketayotgan oyoq tovushlari.
Chol va bola bog‘ ichidan yugurib ketishdi.
O’q ovozi yangradi. O’q bog‘ eshigining yonginasidagi devorga kelib tegdi.
— Tom, sen bu tomonga qarab chop! Men bu tomonga qarab chopaman, ularni chalg‘itaman, to‘g‘ri kanal oldiga borgin, o‘n daqiqadan keyin o‘sha yerda uchrashamiz, bo‘la qol.
Ular har ikki tomonga qarab chopib ketishdi.
Oy bulutlar ortiga yashirindi. Chol zim-ziyo qorong‘ilik ichida chopib borardi.
— Enn, men shu yerdaman.
Ayol titrab-qaltiragancha cholning qayiqqa tushishiga yordamlashib yubordi.
— Qani Tom?
— Hozir keladi.
Ular tor yo‘lchalar va uxlayotgan shaharaga qaradi. Hamon kech qolgan yo‘lovchilar ko‘zga tashlanardi, politsiyachi, tungi qorovul, raketa uchuvchisi, tungi visoldan keyin uyiga qaytayotgan yolg‘izbosh erkaklar, kulgancha bardan chiqib kelgan ikki juft erkak va ayol… Allaqaerda musiqaning bo‘g‘iq ovozi chalinardi.
— Nega u shu paytgacha yo‘q? — so‘radi ona.
— Hozir, sabr qil.
Biroq Lafarj endi ishonmayotgan edi. Kim bilsin, balki yigitchani qaerdadir, qanday qilibdir bandargoh tomonga chopib kelayotgandami, chiroqsiz uylar oralig‘idagi zim-ziyo ko‘chalardan o‘tib ketayotgandami, tutib olishgandir-da? Albatta, oradagi yo‘l ancha olis edi, hatto chaqqon bola uchun ham olislik qilar edi. Ammo nima bo‘lganda ham Tom undan oldin yetib kelishi kerak edi…
Birdan uzoqdan oydin yoritib turgan ko‘chadan chopib kelayotgan odam qorasi ko‘rindi.
Lafarj qichqirib yubordi, biroq o‘sha zahoti o‘zini bosdi:
— O’sha yoqdan, uzoqdan uning qulog‘iga boshqa ovozlar, boshqa oyoqlar dupuri chalindi.
Derazalarda birin-ketin chiroqlar yondi. Yolg‘iz ko‘lanka bandargoh oldidagi keng maydonga otilib chiqdi. Bu Tom emas edi, balki sonsiz fonarlar yog‘dusida bir charaqlab, bir o‘chib turgan kumush rang yuzli oddiy xilqat edi. Ammo u yaqinlashib kelgani sayin tobora tanish tuyula boshladi va qiyofa bandargohga yetib kelganda Tomga aylanib bo‘lgan edi! Enn qo‘llari bilan suvni shaloplatdi, Lafarj shoshib qayiqni qirg‘oqdan itardi, ammo endi kech edi.
Chunki ko‘chadan kimsasiz maydonga bir erkak… yana bir erkak… bir ayol, yana ikki erkak, mister Spolding otilib chiqdi. Ular nima qilishlarini bilmay, to‘xtab qolishdi. Ular chor atrofga olazarak qarashar edi, ular uyga qaytishni istashardi: axir bu… bu borib turgan dahshat, telbalik edi, vassalom! Shunday bo‘lsa-da, ular ta’qib etishda davom etar, dam-badam ikkilanib to‘xtab olar va yana yugurib ketar edilar.
Ha, endi kech edi. Bu g‘ayrioddiy oqshom, g‘ayrioddiy voqea nihoyasiga yetgandi. Lafarj qo‘lida arqonni aylantirardi.
U qattiq sovqotgan va o‘zini yolg‘iz his qilardi. Oydinda odamlar ko‘zlari kosasidan chiqib chopayotganlari, shoshib ketayotganlari, oyoqlarini siltab, yugurayotganlari ko‘rinib turardi, mana, ular barchasi, o‘n nafar odam qirg‘oq bo‘yida turar edi. Ular qayiqqa yeb qo‘ygudek qarab turishardi.
Ular qichqirar edilar:
— Joyingdan qo‘zg‘alma, Lafarj!
Spolding qo‘lida to‘pponcha ushlab turardi.
— Nima bo‘lgani endi ravshan edi… Tom bir o‘zi yo‘lovchilarni ortda qoldirgancha oy yoritib turgan ko‘chalardan yurib borar edi. Politsiyachi miltillagan qiyofani sezib qoladi. Shartta orqasiga burilib, uning yuziga qaraydi, qanaqadir ismni aytib qichqiradi, orqasidan quvib, yuguradi. “Hoy, to‘xta!” U mashhur jinoyatchini ko‘rib qoldi. Yo‘ldan kim o‘tgan bo‘lsa hammasini ko‘rdi. Erkakmi, ayolmi, tungi qorovulmi yoki raketa uchuvchisimi — ularning har biri uchun chopib ketayotgan qiyofaning kim ekanligi baribir edi. Uning timsolida ular uchun tanish bo‘lgan har qanday odam, har qanday ramz, har qanday ism tajassum topgan edi… So‘nggi besh daqiqa ichida qanchalab turfa ismlar tilga olinmagan edi!.. Tom timsolida qanchalab shaxslar tusmol qilinmagandi — barchasi soxta!
Butun yo‘l bo‘ylab ta’qiblanuvchi va ta’qib qiluvchilar, orzu va orzu qiluvchilar, parrandalar va ko‘ppaklar to‘lib-toshib ketgan edi. Butun yo‘l bo‘ylab: kutilmagan kashfiyot, tanish ko‘zlar chaqnog‘i, chala esda qolgan ismni aytib qichqirish, qadim zamonlar haqidagi xotiralar — uning izidan chopib borayotgan olomon shu tariqa ko‘paygandan-ko‘payib, toshgandan-toshib borar edi. Har kim o‘rnidan dik etib turar edi-da, orqasidan chopib ketar edi, bir karra lip etib ko‘zdan o‘tgan siymolar, o‘n minglab ko‘zgular o‘n minglab ko‘zlarda aks etadi, — chopib borayotgan sharpa, shaxs, biri oldinda ketayotganlar uchun, boshqasi orqada kelayotganlar uchun va yana biri, yangisi uning yo‘lida uchraydigan, hali uni ko‘rmagan odam uchun.
Читать дальше