Uning ismi Benjamin Driskol edi, yoshi o‘ttiz birda. Uning niyati bitta — qanday qilib bo‘lmasin, Mars yam-yashil libosga burkansa, qalin bargli baland daraxtlarga qoplansa, iloji boricha ko‘proq havo paydo bo‘lsa, kerak bo‘lsa yilning to‘rt faslida ham gurkirab tursa, diqqinafas yozda shaharlarning havosini yangilasa, qishning izg‘irinli shamollarini to‘sib tursa. Daraxt nimalarga qodir emas… U tabiatga rang beradi, soya tashlaydi, yerni mevalari bilan ma’mur qiladi. Yoki bolalar o‘yinlarining saltanatiga aylanadi — sirpanish, o‘yinlar o‘ynash, qo‘lda osilib turish mumkin bo‘lgan butun bir osmoniy olam desangiz-chi… U rizq va sevinch eltuvchi bahaybat inshoot; mana daraxtning qudrati!
Ammo eng avvalo daraxt — bu o‘pka uchun hayotbaxsh muzdek havo va yoqimli shitirlash manbai, u tunda seni allalab, sehrli allalar aytadi, sen esa, qordek oppoq toza to‘shakda yotgancha miriqib tinglaysan.
U yotar va quyoshni, hali-hamon darak bo‘lmagan yomg‘irlarni kutgancha bazo‘r bir joyga to‘planayotgan qop-qora tuproqqa quloq solar edi… Qulog‘ini yerga qo‘yib u kelajak yillar guldurosini eshitar va bugun qadalgan urug‘lar yashil kurtak chiqarib, nish urganini, osmonga o‘rlab borayotganini, qator shoxlar yoyayotganini va butun Mars quyoshli o‘rmonga, chappor urgan boqqa aylanayotganini yaqqol ko‘rib turardi.
Erta tongda mo‘‘jazgina bo‘zargan quyosh qator qirlar ortidan endi-endi suzib chiqqanda u o‘rnidan turadi, bug‘i ko‘tarilib turgan nonushtani tez-tez tushiradi, o‘choqdagi qo‘rlarni tepib o‘chiradi, yuk xaltasini ortmoqlaydi va yana joy tanlash, kavlash, urug‘ yoki ko‘chat qadash, avaylabgina yerni bosib-bosib qo‘yish, sug‘orish va hushtak chalib ochiq osmonga qaragancha yana odimlab ketish uchun yo‘lga tushadi, osmon esa… tush paytiga kelib osmon butunlay yorishib, tobora yorishib va qizib boradi…
— Senga havo kerak, — dedi u gulxanga. Gulxan — barmog‘ini hazillashib tishlab oladigan yuzi qizil jonli o‘rtog‘ing, salqin tunlarda esa, do‘stona iliqlik bilan uyquli pushti ko‘zlarini qisib qaragancha yonginangda mudroq bosib yotadi… — hammamizga havo kerak. Bu yerda, Marsda havo tansiq. Sal narsaga charchaysan. Xuddi janubiy Amerikadagi And tog‘laridagidek. Havoni yutasan-u, hech nima sezmaysan, sira havoga to‘ymaysan.
U ko‘krak qafasini turtib qo‘ydi. O’ttiz kunda rosa kengayib ketibdi-ku! Ha, bu yerda ko‘proq havo yutish uchun o‘pkani chiniqtirish kerak. Yoki ko‘proq daraxt ekish kerak.
— Nima uchun bu yerdaligimni anglagandirsan? — dedi u. Olov tilini cho‘zib qo‘ydi. — Maktabda bizga Jonni Olma Urug‘i haqida hikoya qilib bergandi. U Amerika bo‘ylab yurib, olma daraxti ekar ekan. Mening ishim esa undan ko‘ra muhimroq. Men dublar, qayrag‘ochlar va klyonlar ekaman, yana terak, kashtan va kedrlar ham. Men faqat oshqozon uchun meva qilmayman, balki o‘pka uchun havo yasayman. O’zing o‘ylab ko‘r-a, bu daraxtlar oxiri o‘sib-o‘sib, ularda qancha qislorod ishlab chiqarilmaydi deysan!
Marsga uchib kelgan kun esiga tushdi. Minglab boshqalar qatori u o‘shanda tinch Mars tongiga mahliyo bo‘lgan va: “Bu yerni qanday o‘zlashtiraman? Nima qilaman? Menga yarasha ish topilarmikan?” — deb o‘ylagan edi.
So‘ng hushidan ketgan edi.
Kimdir nashatir spirtli pufakchani uning burni tagiga tiqqan, u yo‘talib o‘ziga kelgandi.
— Hechqisi yo‘q, tuzalib ketasiz, — dedi vrach.
— Menga nima bo‘lgan edi, o‘zi?
— Bu yerning havosi juda ham yomon. Ko‘plar bunga chiday olmayapti. Siz harholda yerga qaytmasangiz bo‘lmaydi.
— Yo‘q! — u o‘tirib oldi, biroq o‘sha zahoti ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi va nazarida, Mars kamida ikki marta aylangandek bo‘ldi. Burun kataklari kengaydi, u zo‘rlab havoni ichiga yutishga harakat qildi.
— Jinni bo‘lib qolaman. Men shu yerda qolaman.
Uni o‘z holiga qo‘yib qo‘yishdi; u xuddi qumdagi baliqdek yotar, og‘zini kappa-kappa ochib nafas olar va o‘ylardi: “Havo, havo. Ular bitta havo deb meni bu yerdan haydamoqchi bo‘layaptilar”.
Shunday deya u Mars qirlari va tekisliklarini ko‘rib olish uchun boshini burdi. Qarab turib u ko‘rgan birinchi narsa shu bo‘ldi: uzoqda ham, yaqinda ham hech bo‘lmasa bitta daraxt ko‘rinmaydi. Bu o‘lka bamisoli xudoning qarg‘ishini olgandek, chor atrofda qora chirindi yastangan, unda esa loaqal bir dona maysa ko‘zga tashlanmaydi. “Havo, — o‘ylardi u rangsiz nimanidir ichiga yutib pishillab nafas olgancha. — Havo, havo, havo…” Qirlarning uchlarida ham, soyador yonbag‘irliklarda ham, hattoki daryo yoqasida ham na bir daraxt, na bir maysa ko‘rinardi.
Bo‘lmasam-chi! Javob uning miyasida emas, tomog‘ida, o‘pkasida tug‘ildi va bu sof kislorod qultumidek fikr birdan unga dalda bag‘ishladi. Daraxtlar va maysalar. U qo‘llariga qaradi va kaftining orqasini o‘girdi, u maysa va daraxt ekadi. Mana unga ish: uning bu yerda qolishiga xalaqit berayotgan narsaga qarshi kurashish. U Marsga qarshi urush e’lon qiladi — alohida, agrobiologik urush. Qadimiy Mars tuprog‘i… Uning o‘z ko‘katlari shuncha millionlab yillar o‘sib, nihoyat yoshini yashab, tugab-bitgan. Bordi-yu, yangi turlar ekilsa-chi? Qishki daraxtlar — shoxdor mimozalar, majnuntollar, magnoliyalar, ulug‘vor evkaliptlar. Unda-chi? Bu yerning tuproqlarida qanaqangi o‘g‘it boyliklari yashirinib yotganini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Bularga odam qo‘li tegmasin, chunki qadimgi paporotniklar, gullar, butoqlar, daraxtlar suvsizlikdan qurib bitgan.
— Men turishim kerak! — qichqirdi u. — Men Koordinatorni ko‘rishim kerak!
Yarim kun u va Koordinator yashil libosdagi qanday o‘simliklar o‘sishi haqida gaplashishdi.
Bir tekisda ko‘chat ekishni boshlab yuborishdan oldin, yillar bo‘lmasa ham, oylar o‘tar. Ungacha oziq-ovqatni yerdan muzlatilgan holda uchar sumalaklarda yetkazib turishadi; faqat bir necha havaskorlargina gidropon usulida bog‘ barpo etishgan.
— Shunday qilib, hozircha, — dedi Koordinator, — o‘zingiz harakat qiling. Urug‘ni bir amallab toparmiz, asbob-uskunalarni ham, hozir raketada joy oz. Dastlabki ko‘chib keluvchilar kon bilan bog‘liq bo‘lgani uchun sizning yashil boylik o‘tqazish loyihangiz muvaffaqiyat qozonolmaydi, deb qo‘rqaman.
— Ammo siz menga ruxsat berasizmi?
Unga ruxsat berishdi. Mototsikl ajratishdi, u yukxonani urug‘ va ko‘chatlar bilan to‘ldirdi, cho‘l vohaga qarab yo‘l oldi, mashinani qoldirdi-da, ishlagan ko‘yi yayov olg‘a yurib ketdi.
Bu o‘ttiz kun oldin boshlangan edi, o‘sha paytdan buyon biron marta ham orqasiga o‘girilib qaramadi. O’girilib qaradimi, — demakki, hafsalasi pir bo‘libdi: havo haddan tashqari quruq edi.
Loaqal bitta urug‘ning unib chiqishiga-da kishi ko‘zi yetmasdi. Balki, jangda boy bergandirman? To‘rt haftalik mehnat havoga uchib ketdimi? U oldinga, faqat oldinga qarardi. Ikki ko‘zi quyoshli vodiyda, Birinchi Shahardan ham narida edi va yomg‘ir, faqat yomg‘ir yog‘ishini kutar edi.
… U adyolni yelkasiga tortdi; qovjiragan qirlar uzra bulut to‘dalari paydo bo‘ldi. Xuddi vaqt kabi Mars ham beqaror. Oftobda kuygan qirlar tungi qirovlarni tutib qolgan edi, u esa boy qora tuproq haqida — shunday qora va yaltiroqki, hovuchingga olsang, yog‘dek oqadi, qudratli, bahaybat loviya poyalari unib chiqadigan va yerni titroqqa soluvchi aql bovar qilmas ulkan donalar poyalarni yergacha egadigan tuproq haqida o‘ylardi.
Mudroq gulxan birdan to‘zgandek bo‘ldi. Havo titrab ketdi: uzoqdan arava yelib kelardi.
Momaqaldiroq. Kutilmagan nam hidi. “Bugun tunda, — o‘yladi u va yomg‘ir yog‘ayotganligini tekshirib ko‘rish uchun qo‘lini cho‘zdi. — Bugun tunda”.
Uning qoshiga nimadir tegib o‘tdi va u uyg‘onib ketdi. Burnidan labiga tomchi dumalab tushardi.
Читать дальше