U safar flyagasidan muzdek suv ho‘pladi. Keyin o‘rnidan turdi, kerishdi, esnadi va uni qurshab turgan vohadagi allalovchi sukunatga quloq tutdi. Eh, u va u yoqdan, Yerdan kelgan yana bir necha odam bu yerga kelib o‘rnashib, beg‘am, betashvish yashaganlarida, qandoq yaxshi bo‘lar edi-ya…
Spender bir qo‘liga kitobni oldi, ikkinchisiga esa to‘pponchani. Ro‘parada tagida oppoq toshchalar ko‘rinib turgan, qirg‘oqlarini yirik-yirik xarsanglar qoplagan tezoqar daryo shovullardi. U toshlar ustida yechindi-da, badanini chaygani suvga tushdi. Shoshmasdan suvda yuvinib-chayinib oldi-da, yana chiqib kiyimlarini kiydi va to‘pponchani qo‘liga oldi.
Dastlabki o‘q ovozlari kunduzgi soat uchlarda yangradi. Bu paytga kelib Spender baland tog‘larga chiqib ketgan edi. Orqadan uni ta’qib qilib kelar edilar. Uch mars tog‘ shaharchasi ortda qoldi.
Ularning tepasida marsliklarning villalari yoyilib yotar edi. Yam-yashil o‘tloqlar va tezoqar daryochalardan zavqlangan qadimgi marsliklar toshtaxtalardan hovuzlar barpo etgan, kutubxonalar qurgan, favvoralari shaldirab turgan bog‘lar bunyod etgan edilar. Spender yarim soatcha yomg‘ir suviga to‘lgan hovuzda ta’qibchilarning yaqinlashishini kutib, cho‘milib oldi.
Villadan chiqib ketar ekan, uning qulog‘iga o‘q ovozi chalindi. Orqa tomonda undan besh metrlar narida g‘isht mayda-mayda bo‘laklarga bo‘linib portladi. Spender yugurib qoya ortiga berkindi, o‘girilib, bir o‘q bilanoq ta’qibchilarning birini yer tishlatdi.
Uni ko‘rib olib, qo‘lga tushirishlarini Spender bilar edi. Chor atrofdan o‘rab olishadi-da, asta-sekin yaqinlashib kelaveradilar va qarabsizki, tamom-da. Ularning hatto shu paytgacha granata irg‘itmaganlari g‘alati. Kapitan Uaylder bir og‘iz aytsa, bo‘ldi edi…
“Meni tolqonga aylantirish uchun juda ham noziklik qilaman, — deya ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Kapitanni shu narsa ushlab turibdi. U birgina tirqishcha bilan ishni tugatib qo‘ymoqchi bo‘layotir.
Ajabo… Mening sarishtagina o‘lishimni istayapti. Qonim to‘kilmasin deyapti. Nima uchun? Shuning uchunki, u meni tushunadi. Uning yigitlari jonini garovga qo‘yib, sabr qilayotgani shundan edi, ishqilib, bitta o‘q bilan boshimni nishonga olib, saranjom qilsa go‘rga edi. Shunday emasmi?”
Spenderning atrofidagi toshlarni irg‘itib, birin-ketin to‘qqiz-o‘n marta o‘q uzildi. Unga qarata ustalik bilan o‘q uzishardi, u hatto qo‘lidan qo‘ymay ushlab turgan kumush kitobdan nigohini ham uzmayotgandi.
Kapitan qo‘lida vintovka bilan quyoshning jazirama nurlari ostida panadan sakrab chiqdi. Spender to‘pponchasi bilan uni mo‘ljalga ola boshladi, biroq otishga shoshmayotgandi. Buning o‘rniga u boshqa nishonni tanladi va Uayd yotgan qoyaning cho‘qqisini uchirib yubordi. O’sha yoqdan ayanchli qichqiriq eshitildi.
Birdan kapitan qaddini g‘oz tutdi-da, oq ro‘molcha tutgan qo‘lini osmonga ko‘tardi. U o‘z odamlariga bir narsalar dedi va vintovkasini bir chetga qo‘yib, nishablikdan yuqoriga o‘rlab ketdi.
Spender bir oz kutib turdi, keyin to‘pponchasini shay tutgancha u ham oyoqqa turdi.
Kapitan uning oldiga keldi-da, Spenderga qaramaslikka harakat qilib, issiq toshga o‘tirdi.
Kapitanning qo‘li kurtkasi cho‘ntagiga cho‘zildi. Spender to‘pponchasini mahkamroq qisdi.
— Sigareta chekasanmi? — taklif qildi kapitan.
— Rahmat. — Spender bitta sigareta oldi.
— Gugurting bormi?
— Bor.
Ular chuqur sukunat ichida bir-ikki sigaret tutunini ichiga tortishdi.
— Kun issiq, — dedi kapitan.
— Juda ham.
— Qalay, yaxshi joylashib oldilaringmi?
— Zo‘r.
— Qancha turmoqchisizlar?
— O’n-o‘n beshta odamni yer tishlatishga qancha kerak bo‘lsa, o‘shancha.
— Ertalab qulay payt ekanida sizlar nega biz uchalamizni o‘ldirmadinglar? Bemalol shunday qilsalaring bo‘lar edi-ku?
— Bilaman. Kayfiyat yo‘q edi. Miyangda bir narsa g‘uvillab turganida o‘zingga-o‘zing pand bera boshlaysan. Bitta sen haqsan, boshqalar hammasi nohaq, deb o‘ylaysan. Lekin, men mana bu odamlarni o‘ldira boshlaganimda birdan ularning g‘irt ahmoqligini, ularga qo‘l ko‘tarib bekor qilganimni anglab qoldim. Kech angladim. Shundan keyin davom etishga ko‘nglim bo‘lmadi, o‘zimni yana aldash, g‘azabimni qo‘zg‘atish, kerakli kayfiyatni qayta tiklash uchun bu yerdan ketdim.
— Qayta tikladingizmi?
— Unchalik emas. Lekin shu ham yetarli.
Kapitan sigaretasini aylantirib qaray boshladi.
— Nega shunday qildingiz?
Spender xotirjam to‘pponchani oyoqlari yoniga qo‘ydi.
— Chunki men Marsda ko‘rganlarimni faqat orzu qilish mumkin, xolos. Ular biz yuz yil avval to‘xtatishimiz kerak bo‘lgan joyda to‘xtaganlar. Men ularning shaharlarini aylanib chiqa boshladim, bu xalqni bilib oldim va ularni o‘z ajdodlarim deb atashdan baxtli bo‘lar edim.
— Ha, ularning shaharlariga gap yo‘q. — Kapitan shaharlardan biriga boshi bilan ishora qildi.
— Gap faqat shundagina emas, albatta, ularning shaharlari yaxshi. Marsliklar o‘zlarining turmushlarini san’atkorona ifodalab qo‘ya olishgan. Amerikaliklarda san’at har doim alohida modda hisoblanadi, uning joyi — yuqorida, hardamxayol o‘g‘lining xonasida. Boshqalar uni yakshanbalik ulushlari, ta’bir joiz bo‘lsa, kimdir din bilan qorishiqda deb biladi. Marsliklarda esa hammasi bor — san’at ham, din ham va boshqalar ham…
— Ular bir narsaning tagiga yeta olishdi, deb o‘ylaysizmi?
— Albatta.
— Shuning uchun ham siz odamlarni o‘ldira boshlagansiz?
— Kichkinaligimda ota-onam meni o‘zlari bilan Mexiko-sitiga olib ketishdi. Otam o‘zini u yerda baqiroq, dimog‘dor tutganini hech esimdan chiqarolmayman. Onamga kelsak, uni u yerdagi odamlar kam yuvinadi, badani qora deb unchalik yoqtirishmasdi. Opam esa ular bilan umuman gaplashmasdi.
Bitta mengina ularga yoqib qolgan edim. Otam bilan onamning Marsga kelib qolsa o‘zlarini xuddi o‘shanday tutishlarini men juda yaxshi tasavvur qilaman. O’rtacha amerikalik har qanday g‘ayrioddiy narsaga burnini jiyirib qaraydi. Chikago tamg‘asi yo‘qmi, demak, bu hech narsaga yaramaydi.
Ko‘rdingizmi qanaqa! Ey xudo, shunaqayam bo‘ladimi! Urush-chi! Parvozimizdan oldin Kongressda yangragan nutqlar esingizdadir! Mabodo sayohat muvaffaqiyatli chiqsa, Marsda uch atom laboratoriyasi va atom bomba omborlari joylashtirishar emish-a! Bundan chiqdi, Mars tamom; barcha mo‘‘jizalar yo‘q bo‘lib ketadi. Xo‘sh, o‘zingiz ayting-chi, agar marslik Oq uy pollarini ho‘l qilib qo‘ysa, siz o‘zingizni qanday his qilgan bo‘lardingiz?
Kapitan churq etmay quloq solib turardi.
Spender gapida davom etdi:
— Qolgan galvarslar-chi? Tog‘ sanoati bosslari, sayohat byurosi… Ispaniyadan Kortes o‘zining yuvosh kompaniyasi bilan kelganida Meksikaga nima bo‘lgani esingizdami? Bu yuho taqvodor — iblislar qanday madaniyatni yo‘q qilib tashlashdi! Tarix Kortesni kechirmaydi.
— Bugun biz bilan odobli muomala qilishdi deb aytib bo‘lmaydi, — dedi kapitan.
— Mening ilojim qancha edi! Siz bilan bahslashaymi? Axir men bir o‘zimman — u yerda, Yerdagi bu ablah, yebto‘ymas butun bir galaga qarshi bir o‘zim-a. Ular bu yerda darhol o‘zlarining maraz atom bombalarini irg‘ita boshlaydilar, yangi urushlar uchun bazalarga yer talashadilar. Bu ham yetmagandek, bir sayyora kamlik qilib, boshqa sayyoralarning rasvosini chiqaradilar. Kallasiz vaysaqilar. Bu yerga kelganimda men o‘zimni faqat madaniyat deb atalmish bu balodan emas, ularning bu axloq-odobi, bu rasm-rusumlaridan ham qutulgandek bo‘lgan edim. Bu yerda endi menga ularning qonun-qoidalari-yu, tuzumlari daxl qilmaydi deb ishongandim. Barchalaringizni asfalasofilinga jo‘natib, o‘zim xon, ko‘lankam maydon bo‘lib yashasam bo‘laverardi.
Читать дальше