Oradan bir oy o’tgach, Sarbon yo’lovchilarni jamladi.
— Urush qachon tugashi noma’lum, — dedi u. — Yo’lni davom ettirolmaymiz. Hali janglar to’xtamaydigan ko’rinadi, bir necha yilga cho’zilsa ham kerak. Bir-biriga g’anim bo’lgan qabilalarning har qaysisida jasur, kuchli jangchilar bor, har biri o’z nomusini boy bermaslik uchun maydonni tashlab ketmaydi. Bu yerda yaxshilar yomonlar bilan urushayotgani yo’q, bu yerda hokimiyat uchun jang qilishmoqda, bunday urushlar esa bir boshlansa uzoq vaqt to’xtamaydi, zero, Olloh ularga ham, bularga ham madadkor.
Odamlar tarqalishdi. Santyago Fotima bilan uchrashib, unga Sarbonning gaplarini yetkazdi.
— Uchrashganimizning ertasi kuniyoq, — dedi qiz, — sen menga sevgi izhor qilding. Keyin esa juda ajoyib narsalar — Umum Tili va Olam Qalbi haqida gapirding — men asta-sekin sening bir bo’la-gingga aylanib borayapman.
Santyago uning ovozini eshitib turdi, qizning ovozi xurmo daraxtlari uchidagi barglarning mayin shitirlashidan-da go’zal edi.
— Men seni bu quduq oldida qay mahaldan beri kutib turibman. Men o’zimning o’tkan kunlarimni unutdim, urf-odatlarimni ham unutdim, qabilamiz erkaklarining qizlar o’zini qanday tutishlari kerakligi haqidagi ko’rsatmalarini ham. Bolaligimda bir kun kelib sahro menga, hali hech kimga nasib etmagan ajoyib sovg’a hadya etadi, deb orzu qilardim. Mana, men unga erishdim, bu sensan.
Santyago qizning qo’lidan tutmoqchi bo’ldi, biroq Fotima ko’zani qattiq quchoqlab oldi.
— Sen menga ko’rgan tushlaringni gapirib berding, keksa podshoh Malkisidq haqida, xazinalar haqida aytding. Endi men hech narsadan qo’rqmayman, chunki seni menga ular yetkazdi. Men esa sening orzu-o’ylaringning, sening Taqdiringning bir bo’lagiman. Shuning uchun ham men sening bir joyda to’xtab qolmasligingni, balki qidirayotgan narsangni izlayverishingni xohlayman. Agar urush tugashini kutishingga to’g’ri kelsa, bu fojea emas. Biroq ertaroq jo’nashga imkon tug’ilsa, jo’na, o’z Taqdiringni izlab yo’lga chiq. Shamol qum barxanlarining shaklini o’zgartiradi, xolos, sahro esa aslicha qolaveradi. Bizning sevgimiz ham aslicha qoladi.
Maktub.
Chindan men agar sening Taqdiringning bir bo’lagi esam, qachondir sen menga qaytasan.
Bu gaplar Santyagoning dilini ranjitdi. Bo’zbola yo’l-yo’lakay yodiga oldi: tanish cho’ponlarning dashtu dalalarni — uzoq-uzoqdagi yaylovlarni kezmay yashay olmasliklariga xotinlarini ishontirishning o’zi bo’lmasdi. Ha, sevgi doim suyganing yonida bo’lishni talab qiladi.
Ertasi kuni u Fotimaga bu haqda gapirdi.
— Sahro bizning mardumlarni olib ketadi va har doim ham qaytib bermaydi, — javob qildi qiz. — Biz buni bilamiz, shunga ko’nikkanmiz. Garchi ular qaytishmasa-da, biroq doimo biz bilan birga: ular yomg’ir bo’lib yog’maydigan bulutlar, tog’u toshlar orasiga bekingan
yirtqichlar, yer bizga in’om etgan zilol suv. Ular butun borliqning bir bo’lagi bo’lib qoladi… Ular Olam Qalbiga qovushib singadi.
Ayrimlariga qaytib kelish nasib etadi. Shunda ayollarning hammasiga bayram bo’ladi, chunki mardumlari — ularning kutayotganlari ham bir kunmas bir kun uyiga keladi. Burunlari men bu ayollarga havas bilan qarar edim. Endi mening ham kutadiganim bor.
Men — sahro ayoliman va bundan g’ururlanaman. Istagim, mening erim, xuddi qumni to’zdirgan shamolday, erkin bo’lsa. Istagim, u bulutlardan, yirtqichlardan va suvdan ayri tushmasa.
Santyago angliyalikni izlashga tushdi. Bo’zbola unga Fotima haqida gapirib berishni xohlardi, angliyalikni ko’rib ajablandi: u chodirining biqiniga o’choq o’rnatib, ustiga shisha idish qo’yibdi. Angliyalik o’choqqa o’tin qalab, olovning yonishini to’xtatmas va sahroga qarab-qarab qo’yardi. Uning ko’zida uchqun paydo bo’lgan, kitobdan bosh ko’tarmay yurgan kunlarda bu sezilmasdi.
— Bu ishning birinchi bosqichi, — tushuntirdi u Santyagoga. — Notoza oltingugurtni ajratish kerak. Muhimi — hech ish chiqmasligidan qo’rqmaslik zarur. Men shu kungacha qo’rqib kelganim uchun Ulug’ Ijodga qo’l ura olmadim. Hozir qilayotgan bu ishni o’n yil burun amalga oshirish mumkin edi. O’n ikki yil emas, o’n yil kutganim ham bir baxt.
Shunday deb u o’choqqa o’tin joylab, sahroga tag’in qarab-qarab qo’ydi. Santyago uning yonida botayotgan quyoshning nurlari qumni qirmizi tusiga bo’yaguncha o’tirdi. Shunda uning yuragida o’sha yoqqa, sahroga ketish ishtiyoqi alanga oldi, sahro sukunati uning savollariga javob topib bera bilarmikan, shuni sinamoqqa shaylandi.
U uzoq sandiraqlab yurdi, ora-sira vohani ko’zdan qochirib qo’ymadimmi deb, orqasiga burilib xurmo daraxtlariga qarab-qarab qo’ydi. U shamolning ovozini eshitdi, oyog’ining ostida toshlarni his etdi. Ba’zan chig’anoqlarga ko’zi tushdi — bir zamonlar, qadim-qadimda sahroning shu joyida dengiz bo’lgan. Keyin tosh ustiga o’tirdi va xuddi sehrlanganday nigohini ufqqa qadadi. U sevgini visoldan ayri holda tasavvur eta olmasdi, biroq Fotima sahro qizi, agar uning qalbida visol ishtiyoqi paydo bo’lsa, bu faqat sahroning sharofati tufayli.
Bo’zbola shu zayl, hech narsa haqida o’ylamay, boshi ustida yengilgina shamol esib o’tganini payqaguncha o’tirdi. Osmonga qaraganda tepada charx urib uchayotgan bir juft qirg’iyni ko’rdi.
Santyago ularning parvozini ancha kuzatib, samoda ajib kashtalar chizib uchishayotganidan zavqlanib o’tirdi. Aftidan, qirg’iylarning charx urib uchishida biror-bir ma’noyu maqsad yo’qday, biroq bo’zbola ularning parvozida qandaydir mazmun yashiringanini his etdi, faqat bu nimaga ishora ekanini aytib berolmasdi. U qirg’iylarning harakatini ko’zini uzmay kuzatishga qaror qildi — ehtimol, shunda ularning tilini tushunib olar. Balki shunda sahro unga visoldan xoli sevgi nimaligini ayon etar.
Tuyqusdan uni uyqu bosa boshladi. Yuragi esa bunga monelik qilib: “Sen Umum Tilidan voqif bo’lishga yaqin turibsan, bu o’lkada hamma narsaning, hatto qirg’iylarning ko’kdagi parvozining ham mohiyati bor”, derdi go’yo. Santyago qalbiga muhabbat ato etgani uchun taqdiriga shukr qildi.
“Sevganingda olamdagi narsalarning ma’no-mazmuni yanada to’lishadi”, — o’yladi u.
Shu chog’ qirg’iylardan biri ikkinchisining tepasiga tik sho’ng’ib uchdi va tuyqusdan bo’zbolaning ko’ziga qilichlarini yalang’ochlab vodiyga kirib kelayotgan jangchilar ko’rinib ketdi. Bu ko’rinish lip etdiyu, ko’nglida xavotir uyg’otib nazaridan qochdi. U saroblar haqida ko’p eshitgan, ularni o’zi ham bir necha bor ko’rgan, odamning xohish-istaklari sahro qumlari orasida jonlanganday namoyon bo’lishini bilar edi. Biroq vodiyga qo’shinning bostirib kirishini u mutlaqo xohlamayotgan edi.
Santyago bu xavotirli o’ylarni unutishga, yaxshisi qirmizi tusga kirayotgan qum va toshlarga termilib zavqlanishni davom etishga urindi. Biroq hushini yig’ib olishga nimadir xalal berar, yuragini siqayotgan xavotir arimayotgandi.
“Doimo belgilarga ergash”, — deb tayinlagan edi podshoh Malkisidq.
Bo’zbola Fotimani o’yladi. Ko’ziga ko’ringan manzarani esladi va ko’ngli sezdi: nimadir ro’y beradi.
U zo’rg’a hushini yig’ib oldi. O’rnidan turib ortga, xurmo
daraxtlari tomon yurdi. Olam unga yana bir bor ko’p tillarda tillashishini ko’rsatdi: endi sahro emas, vodiy xatarli edi.
Sarbon orqasi bilan daraxtga suyanib o’tiribdi, uning nigohi ham mag’ribga qadalgan. Shu payt barxanlar ortidan Santyago ko’rindi.
— Bu yoqqa urush kelayapti, — dedi bo’zbola. — Mening ko’zimga ko’rindi.
— Sahro erkak kishining ko’ngliga har narsani soladi, — javob qildi sarbon.
Biroq bo’zbola qirg’iylarni, ularning parvozini kuzatganini va tuyqus Olam Qalbiga uyg’unlashganini gapirdi.
Sarbon ajablanmadi — bo’zbolaning nimani gapirayotganini u tushunib turardi. Yer yuzidagi har qanday unsur butun zamin tarixini bayon etishga qodirligini u bilardi. Kitobning xohlagan betini ochib qara, odamning kaftiga termil, bir dasta qartadan xohlagan birini tanlab ol, qirg’iyning osmondagi parvozini kuzat — albatta, ayni daqiqalarda kechayotgan hayotingga bog’liq unsurlar bilan aloqani ko’rasan. Bu yerda gap unsurlarning o’zida emas, balki odamlarning ularga qarab, ularni kuzatib o’zlari uchun Olam Qalbiga uyg’unlashish yo’lini ocha bilishlarida.
Читать дальше