— Qani menga ayt-chi, sen nimaga erishmoqchisan o’zi? — so’radi u bo’zboladan.
— O’zingiz bilasiz-ku, men uyimga qaytishni xohlayman, qo’y sotib olmoqchiman. Buning uchun menga pul kerak.
Qariya chilimga cho’g’ tashladi va qurullatib tortdi.
— O’ttiz yildan beri shu do’konda savdo qilaman. Billurning tozasini yomonidan farqlay olaman, savdoning sir-asrorini bilaman. Ishim yurishib turganidan dumog’im chog’, yana kengaytirishga esa hafsalam yo’q. Xaridorlarga billurda choy uzatib tursang va qarasangki, chindan daromad oshgandan oshsa; unda butun do’konu dastgohni yangilashga to’g’ri keladi.
— Xo’sh, buning nimasi yomon?
— E, men shunday yashashga o’rganib qolganman-da. Sen bu yerda yo’g’ingda ko’p xayol surardim: ne zamonlardan beri shu joyda muqim o’tiribman, bu orada oshnalarim bir yoqlarga ketishdi, yana qaytib kelishdi, birlarining bozori kasod bo’ldi, boshqalari boyib ketishdi. Alam bilan shularni o’ylardim. Endi amin bo’layapman, do’konim o’zimning imkonimga mos, o’zim xohlagan o’lchamdan ekan. Uni kengaytirishga hecham rag’batim yo’q, o’zi bunday o’zgarishlar qanday qilinadi — bilmayman ham. O’zi bilan o’zi andarmon odamman.
Bir nima deyishga bo’zbolaning tili aylanmadi. Qariya davom etdi:
— Seni mening qoshimga go’yo Ollohning o’zi yubordi. Bilasanmi, bugun men nimani angladim: Ollohning inoyatiga shukr qilmaslik la’nat bo’lib qaytadi. Men hayotdan bundan ortiq yana nimalarnidir ta’ma qilmayman, sen esa meni qaylargadir boshlamoqchi bo’lasan. O’sha yoqlarga qarab turib o’zimning qurbimni anglab yetaman va o’zimni burungidan-da battar his etaman. Qo’lim uzayib, imkoniyatim oshgan bir paytda endi menga ko’p narsaning keragi yo’q.
“Makkabodroq sotuvchiga bir nima deb gapirmaganim ham yaxshi bo’lgan ekan”, — o’yladi Santyago.
Ular biroz chilim chekib o’tirishdi. Quyosh botdi. Xo’jayin bilan bo’zbola arabchada gaplashardi — Santyago bu tilni egallab olganidan mamnun edi. Bir paytlar, boshqacha yashab yurgan vaqtlarida, unga go’yo qo’ylar hamma narsani fahmlaydiganday tuyulardi. Biroq arab tilini ular hech qachon o’rganolmaydi.
“Demak, ular o’rganolmaydigan boshqa narsalar ham bor, — o’yladi u, xo’jayinga jim qarab qo’yarkan. — Chindan, ular o’t bilan suvni qidirishni biladi, xolos. Bunga ham o’zlari o’rgangani yo’q — men o’rgatdim ularni”.
— Maktub, — dedi nihoyat billur sotuvchi.
— Bu nima degani?
— Uni bilish uchun arab bo’lib tug’ilish kerak, — javob qildi u. Ma’nosi, taxminan, “shunday bitilgan” degani.
U chilimning cho’g’larini o’chira turib, Santyagoga ertadan boshlab billur idishlarda choy sotishing mumkin, dedi. Hayot daryosini to’xtatishning iloji yo’q.
Odamlar mashaqqat chekib qiyalikdan yuqoriga o’rlar va tuyqusdan tepada ro’paradagi do’konga ko’zlari tushib qolar, bu joyda ularga bejirim billur idishlarda yaxna xushta’m chanqovbosdi choy taklif etishardi. Shunday damda do’konga bosh suqmay, choydan ichmay bo’ladimi?!
“Bu mening xotinimning yetti uxlab tushiga ham kirmaydi!” — dedi bir nechta billur idish xarid qilgan kishi: shu kuni kechqurun unikiga mehmon keladigan va u ana shu chiroyli billurlar bilan ularning ko’nglini ovlamoqchi edi.
Boshqa bir xaridor billurda ichilgan choyning ta’mi zo’r bo’ladi, choy billurda xushbo’yligini saqlaydi, dedi. Yana biri esa Sharqda azaldan billurda choy ichish an’anasi borligini yodga oldi, chunki billur sehrli xususiyatga ega, dedi u.
Tez orada bu hojatbarorlik ixtirosi hammaning qulog’iga yetdi va xaloyiq ko’hna hunarga qanday qilib yangidan jon kiritish mumkinligini o’z ko’zlari bilan ko’rish ishtiyoqida qirga o’rlab kelaverdi. Bu orada billur idishlarga choy quyib beradigan boshqa qo’nalg’alar ham paydo bo’ldi, biroq u joylarga terlab-pishib, mashaqqat chekib o’rlab borilmasdi, shu bois ular bo’m-bo’sh edi.
Ko’p o’tmay do’konga yana ikki nafar dastyor yollashga to’g’ri keldi. Endi bu yerda billur sotishdan tashqari, yangilikka ishqiboz bo’lib kelgan son-sanoqsiz kishilarga tinimsiz choy ulashilardi.
Shu taxlit yarim yil o’tdi.
Quyosh chiqmay turib Santyago uyg’ondi. Afrikaga ilk bor qadam bosganidan beri o’n bir oy-yu to’qqiz kun o’tibdi.
U oq matodan tikilgan, atay bugungi kunga deb xarid qilingan arabcha burnusni kiydi, boshini ro’mol bilan yopdi va ustidan tuya terisidan qilingan halqani solib tortdi-da shippakni oyog’iga ilib, ovoz chiqarmay pastga tushdi.
Shahar hali uyquda. Santyago murabbo bilan bir to’g’ram non yedi, billur stakanda qaynoq choy ichdi. Keyin do’konning bo’sag’asiga o’tirib chilim chekdi.
U shu taxlit yolg’iz o’zi xayoliga hech nimani keltirmay, sahro hidini ufirib bir tekis, tinimsiz esayotgan shamol sasiga quloq tutib chekib o’tirdi. Chekib bo’lib, qo’lini cho’ntagiga tiqdi — bir necha daqiqa cho’ntagidan olgan narsaga qarab turdi.
Uning barmoqlari bir siqim pulni siqib ushlab turardi — bu pullarga qaytish uchun patta olsa ham bo’ladi, yana yuz yigirma bosh qo’y va tag’in hozir o’zi turgan mamlakat bilan Ispaniya o’rtasida savdo qilish uchun ruxsatnoma xarid qilsa ham bo’ladi.
Santyago xo’jayinning uyg’onib, do’konni ochishini toqat bilan kutdi. Keyin ular birgalikda yana choy ichishdi.
— Bugun men jo’nayman, — dedi bo’zbola. — Endi menda qo’y sotib olishga, sizda esa Makkaga borishga yetarli mablag’ bor.
Xo’jayin sukut saqladi.
— Meni duo qiling, — jiddiy ohangda dedi Santyago. — Siz meni qo’lladingiz.
Qariya hanuz churq etmay choy qaynatish bilan mashg’ul edi. Nihoyat u bo’zbola tomon burildi.
— Men sen bilan faxrlanaman. Sen do’konimni jonlantirib yubording. Biroq bilgin: men Makkaga bormayman. Yana shuni ham bilib qo’ygin: sen qo’y sotib olmaysan.
— Kim aytdi sizga buni? — hayron bo’lib so’radi Santyago.
— Maktub, — qisqa javob qildi billur sotuvchi Savdogar.
Va u bo’zbolani duo qildi.
Shundan so’ng Santyago o’zi yotadigan xonaga kirdi va ul-bul narsalarini yig’ishtirdi — lash-lushlari uch qop bo’ldi. Eshikdan chiqayotib uy burchagida yotgan eski cho’ponlik to’rvasini ko’rib qoldi, ko’pdan beri ko’zi tushmagani uchun to’rvani yodidan chiqarib yuborgan edi. Uning ichida kamzuli va kitobi bor. U kamzulini, ko’chada birorta bolaga sovg’a qilarman, degan mo’ljal bilan to’rvadan chiqardi va shu payt bir juft tosh — Urim va Tumim yerga tushib dumalab ketdi.
Shu damda bo’zbola keksa podshohni esladi va qancha vaqtdan beri u haqda o’ylamaganiga ajablandi. Axir, butun bir yil uzluksiz ter to’kib mehnat qilishga to’g’ri keldi, chunki pul topish kerak, Ispaniyaga quruq qo’l bilan so’ppayib borib bo’lmasdi-da.
“Orzu-umidlaringdan hech qachon voz kechmagil, — degan edi unga Malkisidq. — Belgilarga ergash”.
Bo’zbola toshlarni terib oldi va shu payt uni yana g’aroyib tuyg’u chulg’adi, go’yo qariya yonginasida edi. Mashaqqatli mehnat bilan o’tdi shu bir yil, endi esa belgilar bu yerdan jo’nab ketishga ishora qilayotir.
“Men yana avval qanday bo’lsam, aynan o’sha zaylimga qaytaman, — o’yladi u, — biroq qo’ylar meni arabcha gapirishga, baribir, o’rgata olmasdi”.
Biroq qo’ylar unga muhim bir saboq bergan edi: dunyoda barchaga birday tushunarli so’zsiz til borligini o’rgatgandi. O’tgan bir yil mobaynida savdo-sotiqni jonlantiray, deb Santyago ana shu — hammaga tushunarli tilda gapirdi. Bu g’ayratbaxsh, zavq-shavqli til edi, ishni mehr-muhabbat va xohish-iroda bilan qiladigan, ishonchu xohishingga quvvat beradigan til edi. Tanjer endi unga begona joy emas, endi bo’zbolaning dunyoni, xuddi bu shaharni zabt etganiday, zabt eta olishga ko’zi yetib turardi.
Читать дальше